• Часы работы: пн - пт: с 8:00 до 17:00
  • +998 76-22-1-49-71 Biz bilan bog'laning
  • info@yagona-buyurtmachi.uz Bizga yozing
  • Surxondaryo viloyati Termiz shahri Navbog' 5 Bizning manzil

XTV maktablardagi qurilish va taʼmirlash ishlari ustidan sifat nazorati olib boradi

2020-yil 31-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida loyihalarni ishlab chiqish, kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 832-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan 2021-yildan boshlab Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalash va qurilish-montaj ishlarini “Zamonaviy maktab” talablari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlariga mos va sifatli bajarilganligi ustidan “sifat nazorati” olib borishi belgilanmoqda.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomda respublikadagi umumtaʼlim obyektlarida sifatli hamda zamonaviy qurilish ashyolaridan foydalanishni yoʻlga qoʻyishda ularni obyektlar uchun ishlab chiqiladigan texnik topshiriqlarda aniq belgilash mexanizmi markazlashgan holda joriy etish mexanizmi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bunda, ushbu jarayon Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan amalga oshirilib, maktab oʻquvchilar uchun qulay boʻlgan energiya tejamkor qurilish materiallaridan foydalanish xam maqsad qilingan.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida 2021-yilgacha umumtaʼlim muassasalarining kamida 3 %, 2025-yilgacha – 20 %, 2030-yilgacha – 50 % tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq “Zamonaviy maktablar”ga aylantirish vazifasi qoʻyilgan.

Taʼlim sohasidagi tizimli muammolardan biri bu byudjet mablagʻlari hisobiga qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilgan maktablarda ishlarning sifatsiz bajarilishidir.

Taʼkidlash joizki, oʻtgan davr mobaynida joylarda xalq taʼlimi obyektlarida olib borilgan qurilish-montaj ishlarida sifat koʻrsatkichlari muhim omil boʻlmagan, asosiy eʼtibor obyektlarni foydalanishga topshirish masalasiga qaratilgan. Natijada bugungi kunda birorta hududdagi obyekt infratuzilmasidagi muammolar toʻlaqonli hal qilinmagan.

Shuningdek, qurilish-taʼmirlash jarayonlarida maktab fasadlariga, pol qismlariga, boʻyoqlash ishlariga sarflangan qurilish materiallarining sifatsizligi sababli maktab jamoasi tomonidan taʼmirlash ishlari qayta-qayta amalga oshirib kelingan.

Bundan tashqari, isitish tizimlari va issiqlik qozonlarini oʻrnatishda maktab binolarining sigʻimlari, ishlatiladigan yoqilgʻi mahsulotlari, elektr energiyasining ushbu hududdagi holati aksariyat hollarda inobatga olinmasligi oqibatida joylardagi muassasalarda issiqlik meʼyor darajasida taʼminlanmayapti.

Shu paytga qadar mahalliy davlat hokimliklari qoshidagi “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyasi tomonidan qurilgan, taʼmirlangan maktablarda vazirlik yoki uning pastki boʻgʻini tomonidan bevosita nazorat qilish, taklif kiritish, qurilish-montaj ishlari sifatiga munosabat bildirish vakolati boʻlmagan. Natijada, aksariyat dasturlarga tushgan maktablarda ishlar toʻlaqonli yoki sifatli amalga oshirilmagan. Shuningdek, maktab oʻquvchilarining xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarga alohida eʼtibor berilmagan. Bunga misol qilib tegishli dasturlar doirasida qurilish olib boriladigan barcha umumtaʼlim maktablarining atrofi oʻralmagan yoki ichki va tashqi videokuzatuv moslamalari toʻliq oʻrnatilmaganligini keltirish mumkin.

Endilikda mazkur Nizom asosida yuqorida sanab oʻtilgan kamchiliklar bartaraf etilib, pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari doimiy ravishda tegishli grafik asosida kuzatib boriladi, har oylik ishlar yakuni boʻyicha xulosalar taqdim etilib, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida “Zamonaviy maktab” talablariga mos ravishda amalga oshirishning sifat nazorati oʻrnatiladi. Bu mexanizm yangi boʻlib, u quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:

sifat nazoratining xolisligi va oshkoraligi;

yuridik va jismoniy shaxslarning huquqi hamda qonuniy manfaatlariga daxl qilmaslik;

xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmaslik.

Pudrat tashkiloti tomonidan umumtaʼlim obyektlarida “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan, maktablarda sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari aniqlangan taqdirda iqtisodiy sudlar orqali undirilgan mablagʻlarning 90 foizi oʻsha maktablarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga sarflash amaliyoti joriy qilinmoqda.

Bunday nazoratning joriy etilishi umumtaʼlim maktablari qurilishiga markazlashgan byudjet mablagʻlari tomonidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi, qurilish ishlarining sifatiga boʻlgan talablarni bir xillashtirishga va eng asosiysi mamlakatimizda zamonaviy talablarga javob beradigan yagona andozadagi umumtaʼlim maktablarining majmuasi yaratilishiga xizmat qiladi.

Manba: yuz.uz