• Часы работы: пн - пт: с 8:00 до 17:00
  • +998 76-22-1-49-71 Biz bilan bog'laning
  • info@yagona-buyurtmachi.uz Bizga yozing
  • Surxondaryo viloyati Termiz shahri Navbog' 5 Bizning manzil
 «To‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema» — qurilish vaziri Jizzaxda qulagan uy haqida

«To‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema» — qurilish vaziri Jizzaxda qulagan uy haqida

Qurilish vaziri Botir Zokirov Jizzaxda qulagan 6 qavatli uy masalasida ma’lumot bera turib, «To‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema», — deya ta’kidladi. U shuningdek, qulagan binoning orqasidagi ob’ekt ham omonat turganini, uni buzishga esa katta mablag‘ zarurligini qayd etdi. Jizzax viloyati hokimi esa binoni buzish xarajatlarini tadbirkorga to‘lattirishini aytgan.

Qurilish vaziri Botir Zokirov Jizzaxdagi bino qulashi masalasida fikr bildirib, o‘zini aybdor emasligini aytayotgan shaxslar aslida korrupsion sxemaga aloqador ekanini ma’lum qildi. U bu haqda 14 yanvar kuni Qurilish vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

U korrupsion sxema masalasiga prezident Administratsiyasida ham oydinlik kiritilganini ta’kidlagan.

«To‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema. Menga kecha kirgan hujjat. Administratsiyada ham mana shu masalaga oydinlik kiritishdi, korrupsion sxema. Kimdur hokimlikka qanaqadur yaqinligi bor yoki tizimda tanish-bilishi bor, bugun o‘shani nomiga (Barakali Qorako’l Chorvador — tahr.) olinadi, boshlangandek bo‘ladi, umuman boshqa odamlar ishlaydi. Hujjatni uch marta aniqlashtirishganda uch xil chiqayapti. Unaqa bo‘lishi kerak emas. Bu korrupsion sxema — masala shu», — dedi vazir.

Botir Zokirov javobgarlikni bo‘yniga olmaslik uchun uni qurishga mas’ul shaxslar turli xil bahona qilayotganini qayd etgan.

«Hozir qidiradigan bo‘lsangiz birorta egasi chiqmaydi. Bittasi qilgan, „men unga berib qo‘yganman, o‘zi qurayapti, pulim bo‘lmadi“, — u mingta bahona qiladi. Bir xil odamlar biznes qilayapti. Uni tanish-bilishi bor, u bugun bemalol o‘sha joyini oladi, keyin sotadi. Hamma hujjat chala-chulpa. Davlat nazorati ham bitta borganda 3 qavat bo‘yicha bitta loyihachi — „loyihachini shartnomasi qani“ desa, hech narsasi yo‘q. Undan keyin ikkinchisi kirayapti. Bu yerda korrupsion sxema bo‘lgani uchun o‘sha tadbirkor nima xohlasa, shuni qilayapti. Biz shuni oldini olishimiz kerak», — deya ta’kidladi qurilish vaziri.

Anjumanda shuningdek, xuddi shu kabi korrupsiyaviy holatlar boshqa hududlarda ham kuzatilayotgani ma’lum qilindi.

«Kecha Administratsiyaga bergan ma’lumotda ham men ko‘rdim, boshqa aholi yashash punktlarida ham xuddi shunday sxema bo‘layotgani to‘g‘risida aytib o‘tilgan, — deya davom etdi Botir Zokirov, — Ob’ektni buyurtmachisi, texnika nazorati, loyiha mualliflik nazorati va pudratchisi bo‘lishi kerak. Ularda buni bittasi ham yo‘q. Ularni gapini eshitsangiz, hech kim javobgar emas».

Vazirlikda qulagan binoning orqasida joylashgan ob’ektga ham zarar yetgani, qolaversa, u ham talabga javob bermasligi hamda yaqin orada qulab, odamlar sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkinligi aytildi. Shu bois hozirda uni buzib tashlash masalasi dolzarb ekanligi qayd etildi.

«Hozir shuncha mulkni buzib, olib chiqib tashlash juda katta pul. Qo‘shnining uyini zararini qoplash kerak. Shunaqa qilib, «bunaqa odamlarni burni»ni ishqalab, ikkinchi gal mana shunaqaga bormaydigan qilish kerak. Men maxsus tashkilot yubordim uni buzishga, faqat pulini to‘laysizlar dedim. Viloyat hokimi «O‘sha tadbirkorni qonuniy chora ko‘rib, pulini to‘lattiraman» deb aytdi», — deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Botir Zokirov shuningdek, korrupsion holatlar bo‘yicha prokuratura ishni ko‘rib chiqishini va natijasi o‘shanda oshkor bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Bunga qadar, «Gazeta.uz» Jizzaxda qulagan uy yuzasidan prokuratura Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani haqida yozgan edi.

Vazir mazkur holat bo‘yicha ham o‘z fikrini bildirdi. «Bu masalada kerakli odamlar qonun oldida javob beradi. Davlat nazorati (xodimlari) aybi o‘tgan bo‘lsa, u ham javob beradi. Jinoyat ishi faqat davlat nazoratiga qaratilgan emas», — deya ta’kidladi Botir Zokirov.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Barakali Qorako’l Chorvador fermer xo‘jaligi rahbari Jahongir Abdullahakimov Jizzaxda qulab tushgan 6 qavatli uyning egasi ekanligi haqidagi xabarlarni rad etgani va ko‘chmas mulkni 2020 yilning aprelida sotib yuborganini ma’lum qilgan edi. «Qurilish qilolmayman, deb ko‘chmas mulkni sotganman. Men uni begolanashtirdim, keyin umuman aralashmadim», — degan edi fermer.

Manba: gazeta.uz