• Часы работы: пн - пт: с 8:00 до 17:00
  • +998 76-22-1-49-71 Biz bilan bog'laning
  • info@yagona-buyurtmachi.uz Bizga yozing
  • Surxondaryo viloyati Termiz shahri Navbog' 5 Bizning manzil
 2020 yilda qurilish materiallari sohasida 1524 ta yangi ish o‘rinlari

2020 yilda qurilish materiallari sohasida 1524 ta yangi ish o‘rinlari

Butun dunyoda pandemiya bo‘lishiga qaramasdan 2020 yilda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan yuqori natijalar qayd etildi. Ko‘plab yirik investitsiya loyihalari ishga tushurildi, ishlab chiqarish va eksport ko‘lami oshdi.. Jumladan, 12,5 mln tonna sement (o‘tgan yilga nisbatan 113,7 %), qurilish oynasi – 20,2 mln kv.m 2-mm o‘lchamda (106 %), oboy – 2 mln o‘ram (2,4 baravar) kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.

Shuningdek, keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, keramogranit, bazalt armaturasi, gulqog‘oz (oboy) o‘zlashtirish yo‘lga qo‘yildi.

2020 yilda Investitsiya dasturi doirasida 17 ta investitsiya loyihalari bo‘yicha 357,9 mln dollar miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan edi. Investitsiya dasturi bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlarini bajarilishini ta’minlash maqsadida, qo‘shimcha 18 ta loyiha kiritildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil yakuni bilan jami 358 mln dollar, shundan 258 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shundan, joriy yilda umumiy qiymati 232,9 mln dollar bo‘lgan jami 12 ta loyiha ishga tushirildi va 1524 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Jumladan:

“Ohangaronsement” AJda 2,4 mln tonna sement ishlab chiqarish (400 ta ish o‘rni), “Toshkent temir beton va uy qurilish kombinati” UKda 120 ming kub metr temir-beton va gazobeton mahsulotlari ishlab chiqarish (100 ta ish o‘rni), “Urganch qurilish materiallari” MChJda 30 ming tonna ohak ishlab chiqarish (60 ta ish o‘rni), “Yevro Global invest” MChJda 180 ming kv metr uy-joy qurish uchun temir-beton yirik panellari (350 ta ish o‘rni), “Ekokerama” MChJda 300 ming komplekt keramik santexnik buyumlari (500 ta ish o‘rni), “Urgench maxsus kurilish” MChJ da 500 tonna polipropilendan himoya qurilish to‘rini ishlab chiqarish (12 ta ish o‘rni) kabi yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Hududlarni rivojlantirish dasturlariga asosan 2020 yilda qurilish materiallari sohasida umumiy qiymati 12,5 trln so‘mlik jami 1061 ta loyihani amalga oshirish belgilangan edi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra joriy yil yakuni bilan 1109 ta loyiha bo‘yicha 12,5 trln so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirildi.

Joriy yilda qurilish materiallari sanoati sohasi bo‘yicha jami 200 mln dollar miqdorida eksportni amalga oshirish prognozi belgilangan edi. Olib borilgan izlanishlar natijasida 2020 yil yakuni bilan 257 mln dollar miqdorida eksport amalga oshirilib, belgilangan prognoz 128 foizga bajarildi.

Jumladan, joriy yilda 28,9 mln dollar sement, 19 mln dollar alyumin va PVX profillar, 14,2 mln dollar keramik plitka, 12,8 mln dollar quruq qurilish aralashmalari, 7,7 mln dollar ohak, 7,1 mln dollar gipsokarton, 3,5 mln dollar oboy kabi qurilish materiallarining eksport qilindi.

Joriy yilda qurilish materiallari eksporti geografiyasi an’anaviy hisoblangan bozorlar ya’ni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikistondan tashqari Afg‘oniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy davlatlari hisobiga kengaytirildi.

Joriy yil yakuni bilan uyushma korxonalarining import hajmi 360 mln dollarni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 20,0 foizga kamayishiga erishildi.

Import tarkibida asosan texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlari – 233,8 mln dollar (yoki jamiga nisbatan 75 foiz), xom ashyo va materiallar – 78,9 mln dollar (25 foiz) tashkil etgan.

Mahalliylashtirish dasturiga asosan 2020 yil yakuni bilan 718,1 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan rejani 100,4 foizga bajarilishi ta’minlandi.

Manba: uzsm.uz