biz haqimizda

Bizning Galleriya

Kompaniya 2003 yilda tashkil etilgan

O’zbekisron Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2008 yil 12 sentabrdagi №395 sonli «Kapital qurilishda xo’jalik munosabatlarini mexanizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori asosida tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy vazifalari va funksiyalari. Quyidagilar Kompaniya asosiy vazifalari: Ishlab chiqarish quvvatlarini va ijtimoiy soxa obʼektlarini mo’ljallangan muddatlarda foydalanishga topshirish prognozining bajarilishini taʼminlash; Loyiha yechimlarining samaradorligini taʼminlash, arxitektura va shaharsozlik darajasi talablariga rioya qilinishini taʼminlash; Kapital qoʼyilmalar, samaradorligini oshirish, investitsiya sikli muddatlarini qisqartirish.
KAPITAL QURILISH SOHASIDA BUYURTMACHI XIZMATI FAOLIYATINI TUBDAN ISLOH QILISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDAGI 321-SONLI QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

KAPITAL QURILISH SOHASIDA BUYURTMACHI XIZMATI FAOLIYATINI TUBDAN ISLOH QILISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy etish hamda ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan buyurtmachi xizmatini tashkil qilish shaharsozlik faoliyatini samarali amalga oshirishning muhim omili hisoblanadi.
Qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatining samaradorligi tizimli ravishda tahlil qilib borilmayapti.
O‘z navbatida, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida narxlarni shakllantirish, qurilish ishlarini tashkil qilish, texnik va mualliflik nazoratini olib borish, qurilish ishlari sifatini ta’minlash va obyektlarni foydalanishga topshirishda quyidagi masalalar dolzarbligicha qolmoqda:
birinchidan, vazirliklar va idoralarda davlat ahamiyatiga molik qurilish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring hamda nazorat qilishni ta’minlovchi tizim mavjud emas;
ikkinchidan, buyurtmachi xizmatining funksiyalari, vazifalari, javobgarligi, huquqlari, loyihachi tashkilot va pudratchi tashkilotlar bilan o‘zaro shartnomaviy munosabatlarini o‘zida aks ettirgan yagona tartib mavjud emas;
uchinchidan, buyurtmachi xizmati uchun haq to‘lash mexanizmi takomillashmagan, ish yuklamalari, moddiy javobgarlik va mehnatga haq to‘lash mutanosib emas;
to‘rtinchidan, sohada korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar natijadorligining pastligi malakali mutaxassis va rahbar kadrlarni tayyorlash imkonini bermayapti;
beshinchidan, moddiy-texnik bazani rivojlantirishga qaratilgan ishlar tizimi shakllanmaganligi va zamonaviy axborot texnologiyalari talab darajasida joriy etilmaganligi soha faoliyatini chuqur tahlil etish, mavjud muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida ta’sirchan choralarni ishlab chiqishda o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Buyurtmachilarning texnik nazorat bo‘yicha mas’uliyati va javobgarligini oshirish, ishtirokchilar faoliyatini takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish orqali buyurtmachi xizmatini isloh qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmatining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qurilish obyektlarida mualliflik va texnik nazorat olib borish tartibi to‘g‘risida nizom 3-ilovaga muvofiq;
Qurilish obyektlarida nazorat o‘lchovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmachi xizmatlarning:
amaldagi tuzilmalarini hamda qurilish sohasiga oid idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirsin;
majburiyatlarning to‘liq bajarish imkonini berishni nazarda tutgan holda, ular moddiy-texnik bazasini (ma’muriy bino, transport vositasi, orgtexnika) mustahkamlasin;
joylashgan mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda yangi bino qurish ishlari yuzasidan asoslantirilgan takliflarni bir oy muddatda Iqtisodiy taraqqiyot va kambaqallikni qisqartirish vazirligiga kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:
buyurtmachi xizmatlar joylashgan mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda yangi bino qurish yuzasidan tegishli hujjat loyihasini ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Moliya vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda markazlashtirilgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan obyektlar qurilishini moliyalashtirish tartibi va obyektlarni foydalanishga tayyor holda qurishga doir namunaviy pudrat shartnomasini bir oy muddatda tasdiqlasin va ijroga qaratsin.
4. Qurilishi markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar bo‘yicha buyurtmachi xizmatlar rahbar xodimlari va mutaxassislari uchun belgilanadigan yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tarif koeffitsiyentlariga 3 baravar miqdorda oshirilgan koeffitsiyent qo‘llanilsin.
5. 2021-yil 1-iyundan boshlab obyektlardagi qurilish-montaj ishlari bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun buyurtmachi foydasiga sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarima (sanksiya) va penyalar, shuningdek, xaridlar jarayoni talablari buzilganda, tender va tanlov takliflarini garov, kafolat, zakalat tarzida ta’minlash uchun kiritilgan davlat xaridlari ishtirokchilari mablag‘larining 50 foizi — O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga hamda qolgan 50 foizi — buyurtmachi xizmati bank hisobraqamiga yo‘naltiriladi.
6. Belgilansinki, ushbu qarorning beshinchi bandiga muvofiq buyurtmachi xizmati bank hisobraqamiga hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa daromadlardan tushadigan mablag‘lar quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi:
buyurtmachi xizmati rahbarlari, xodimlari va mutaxassislarining lovozim maoshlariga uzoq muddat ishlaganligi uchun rag‘batlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda ustamalar to‘lashga: 2 yildan 5 yilgacha — 0,2; 5 yildan 10 yilgacha — 0,4; 10 yildan 15 yilgacha 0,6 va 15 yildan ortiq — 0,8;
buyurtmachi xizmati xodimlariga qonunchilikda belgilangan rag‘batlantirish va mukofot pullarini to‘lashga hamda buyurtmachi xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va joriy faoliyati bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplashga.
7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi kelgusi yillardagi Investitsiya dasturlarini shakllantirishda buyurtmachi xizmatlar joylashgan mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda yangi bino qurish ishlari uchun markazlashgan manbalar hisobidan mablag‘ ajratishni nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2021-yil 1-iyundan boshlab buyurtmachi xizmatining shtatlar jadvali va ta’minot xarajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazishda texnik nazorat mutaxassislari uchun xizmat safari xarajatlarining obyektlar joylashgan masofadan kelib chiqib, joriy narxlarda belgilanishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan qurilish obyektlarida texnik nazorat sohasidagi mas’ul mutaxassislarga ularning ish tajribasi, biriktirilgan obyektlarning o‘z muddatida sifatli topshirilganligi, qurilish jarayonida bartaraf etilgan kamchiliklar, sohaviy malakasi kabi mezonlar asosida malaka toifasi belgilanadi.
Buyurtmachi xizmatlar Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan malaka toifasi asosida texnik nazorat sohasidagi mas’ul mutaxassislarga ular mehnatiga haq to‘lashning amaldagi tarif koeffitsiyentlariga 2021-yil 1-avgustdan boshlab:
birinchi toifa uchun — 0,2 miqdorda;
ikkinchi toifa uchun — 0,5 miqdorda;
uchinchi toifa uchun — 0,7 miqdorda;
oliy toifa uchun — 1,0 miqdorda koeffitsiyent qo‘shiladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qurilish vazirligi va Davlat test markazi bilan birgalikda qurilishda texnik nazorat bo‘yicha mutaxassislarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ikki oy muddatda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Davlat test markazi bilan birgalikda tasdiqlangan reja-jadval asosida 2021-yil sentyabr oyida buyurtmachi xizmatlarning texnik nazorat bo‘yicha xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda attestatsiya natijalarini inobatga olgan holda, texnik nazorat bo‘yicha xodimlarga tegishli malaka toifalarini belgilasin hamda buyurtmachi xizmatlarni soha bo‘yicha zarur bilim, ko‘nikma hamda ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
13. Buyurtmachi xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun Qurilish vazirligiga quyidagi vazifalar yuklansin:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini, belgilangan tartibda nazorat qilish;
normativ-huquqiy hujjatlarga asosan buyurtmachi xizmatiga yuklatilgan vazifalarni o‘z muddatida va to‘g‘ri ijro etilishini talab qilish, ular bo‘yicha axborotlarni yig‘ish, umumlashtirish, tahlil etish hamda natijalari to‘g‘risida har chorak yakunidan so‘ng Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritish;
buyurtmachi xizmati rahbar kadrlari hamda mutaxassislarini shaharsozlik sohasidagi bilimlarini tizimli ravishda attestatsiyadan o‘tkazib borish, malakasini oshirish hamda ularga belgilangan tartibda malaka toifasini berish.
14. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda buyurtmachi xizmati faoliyatini amalga oshirish va qurilishda nazorat o‘lchovini o‘tkazish uchun akkreditatsiyadan o‘tish tartibini bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Biz haqimizda

Bizning manzilimiz